Yurtimiz ko‘hna obidalari, qadimiy qal’alari hamda boy ilmiy merosi bilan dunyoga mashhur. Jumladan, Xorazm vohasidagi ko‘plab nomoddiy-madaniy ob’ektlar jahon ahlini hayratga solib kelmoqda.
Tarixning shahodat berishicha, Xorazm azaldan ming qal’a vatani, Kanxa — buyuk kanallar, ariqlar o‘lkasi, deb atalgan. Manbalarda Amudaryoning har ikki sohilida 12 ming qal’a-qo‘rg‘onlar bo‘lganligi yozib qoldirilgan. Shulardan yuzga yaqini hozirgacha saqlanib kelinadi.
Bugungi kunda Xiva, Qal’ajiq va Hazorasp kabi 18 ta tarixiy qal’a davlat muhofazasiga olingan bo‘lib, ularga sayyohlarni jalb qilishga qaratilgan ijobiy ishlar amalga oshirilayapti.
Mazkur inshootlarning eng qadimiysi Hazorasp qal’asidir. U 3 ming yillik tarixga ega. O‘rta asr manbalarida ushbu qala-shahar haqida ko‘plab ma’lumotlar uchraydi. Jumladan, At-Tabariyning yozishiga qaraganda, Hazorasp VIII asrda Xorazmning uchta yirik shahridan biri bo‘lgan. Shuningdek, X-XIII asrlarda bitilgan manbalarda keltirilishicha, qal’a devori juda mustahkam, atrofi xandak bilan o‘ralgan, zabt etish qiyin bo‘lgan shaharlardan biri sifatida ta’riflanadi.
Hazorasp qal’asi Yer yuzining mumtoz shaharlari Memfis, Bobil, Rim, Afina, Quddus, Marv, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi qadimiydir.
O‘tmishda Hazorasp Buyuk Ipak yo‘lidagi gavjum savdo shahri, ulug‘ allomalar al-Xorazmiy, Beruniy, Ibn Sino, Najmiddin Kubroning qadami tekkan, Javhariy, Sakkokiy, Ja’far Hazoraspiy, Husayn Karvakiy, Odina Muhammad kabi allomalar yetishib chiqqan tabarruk maskandir.
Mazkur inshoot haqidagi dastlabki yozma ma’lumotlar Abu Rayhon Beruniyning “Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar” asarida ham keltirilgan. Qolaversa, 1219 yili Hazoraspda bo‘lgan arab sayyohi Ibrohim ibn Yoqut quyidagilarni yozib qoldirgan: “Bu olib bo‘lmaydigan qal’a va juda chiroyli shahar. Uning atrofini orolcha kabi suv o‘rab turadi. Qal’aga kirish uchun birgina yo‘lak bor va u ham Xorazm tarafidan qilingan. U tekis yerda joylashgan, bozorlari va savdogarlari ko‘p. Aholisi boy-badavlat”.
Hazorasp qal’asining devorlari 7 marta buzilib, qaytadan qurilgan. Unga turli talafotlar, vaqt, zamon va tabiat o‘z hukmini o‘tkazgan. Yodgorlik sharqiy tomondan keng xandaq bilan o‘rab olingan. Devorning qalinligi 7-8 metrni tashkil etib, balandligi 6-14 metrga yetadi. Hozir shaharning Shimoliy devorida 7 ta, Janubida 6 ta, G‘arbida 4 ta va Sharqida bitta himoya minoralari ko‘rinib turadi. Qadimda janubiy devorning o‘rtasida balandligi 16 va eni 8 metrdan iborat g‘ishtin darvoza bo‘lgan.
Ushbu imoratni o‘z ko‘zi bilan ko‘rgan rus etnografi A. Kun (1873 yil) saroy xonalarining ganch bilan ishlangani, shaharda maktab va madrasalar, 400 ga yaqin katta-kichik do‘kon-rastalar borligi, juma hamda yakshanba kunlari bozor gavjum bo‘lishi haqida yozgan.
Manbashunos olimlar Hazorasp atamasi manosini turlicha tariflaydilar. Xalq orasida tarqalgan rivoyatlarda Hazorasp – “Ming ot” yoki “Ming otliqlar diyori” sifatida talqin etiladi. Ba’zi tadqiqotchilar shahar nomini xazar va os qabilalari nomi bilan izohlashga harakat qilganlar. Bularning barchasi Hazorasp qalasining qadimiyligi hamda ko‘hna Xorazm madaniyati tarixida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lganligidan dalolatdir.
Bugungi kunda Hazoraspda Xorazm Mamun akademiyasining ilmiy xodimlari ilmiy tadqiqot ishlarini olib borishmoqda. Istiqbolda Hazorasp qalasini yanada mukammal o‘rganish, kelajak avlod vakillariga yanada qiziqarli malumotlarni yetkazish muhim vazifalarimizdan biridir.
Albatta, yurtimizning barcha hududida bo‘lgani kabi Hazorasp qalasini tarixiy muzey-qo‘riqxonaga aylantirish va unga xorijlik mehmonlarni jalb qilish borasida ulkan ishlar amalga oshirilayapti. Binobarin, madaniy qadriyatlarimizni tiklash va targ‘ib etish barkamol avlodni tarbiyalashda, yoshlarimizda yuksak milliy g‘urur va iftixor tuyg‘ularini shakllantirishda muhim vositadir.